“Humo” gazetasi
№ 52. 23 dekabr 2004 yil
GULI ASALXO’JAEVA QORBOBOGA ISHONADIMI?
Yangi yil kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Hammamiz ushbu ajoyib bayram taraddudidamiz. Yangi yil-oilaviy bayram. Estradamizning umidli xonandasi Guli Asalxo’jaeva ham bayramlar ichida eng mo’jizaviysi bo’lgan Yangi yil bayramini oila davrasida kutar ekan. O’z qo’llari bilan dasturxonni bezaydi. Butun oila Gulixonning xonadonida jamuljam bo’lishadi. Gulining ham bayram kunida tilagan orzu-istaklari, ezgu niyatlari bor ekan…
BOLALIK
San’atga bo’lgan qiziqishim bolaligimdanoq uyg’ongan. Oilamizdagi muhit ta’sirida. Rahmatli dadam Jalolobodda katta hofiz bo’lganlar. Maqom, mumtoz qo’shihlarimizni juda chiroyli ijro etardilar. Ovozlari ham shirali bo’lgan. Ilk marotaba «Bog’imda gullar chaman,men gullarniquchaman» qo’shig’ini ijro etganimda, shu qo’shi1ni lentaga yozib olishgan ekan. Hali juda kichkina edim. maktabga chiqqanimda ham, turli tadbir-bayramlarning faoli edim, ustozlarga bag’ishlab qo’shihlar aytardim. Festival-tanlovlarda ishtirok etardim. Boshqa fanlarga unchalik qiziqishim yo’q edi. San’atga qiziqishim, mehrim borgan sari oshib boraverdi.
OILAMIZ
Oilamizda barchamiz san’atkormiz, akalarim, opam Mavluda qo’shiq aytishadi. Faqat singlimiz, kenjatoyimiz Mohigul ayni paytda Sharqshunoslik institutida o’qiyapti. Shu sohadan ketsa kerak. Jamoliddin akam asosan mumtoz qo’shihlar aytadilar. Yana bir akam konservatoriyani bitirgan, biri sozanda. Xullas hammamiz otamizga tortdik. Onajonimiz esa shifokor. Bizning g’amxo’rimiz, mehribonimiz. Oilamizda hech birimiz san’atga befarq emasmiz.
Maktabni bitirgan paytim Mavluda opam san’at olamida anchayin tanilib bo’lgan edilar. Shunda otam meni bu yo’ldan qaytarmoqchi bo’ldilar. «San’atning yuki, ma’suliyati og’ir, opang san’atkor bo’ldi, endi sen yonimizda bo’lgin» dedilar. Avvaliga ota-onamning ra’yiga qaradim. Lekin baribir orzu-istaklarim sari intilaverdim, yuragim san’at sari talpinaverdi. Yurakka esa buyurib bo’lmaydi. Baribir san’atkor bo’ldim. Dadamni ham ruxsat bermasliklariga qo’ymadim, baribir roziliklarini oldim. Mavluda opam ham doimo meni qo’llab-quvvatlaydilar, yordamlarini ayamaydilar. O’zimda ham harakat bor. Opajonim meni ming qo’llagani bilan, o’zimda bo’lmasa, mendan qo’shiqchi chiqmasdi.
OPAMNING O’GITLARI
Ko’pincha Mavluda Asalxo’jaevaning singlisi bo’lganligim sababli san’atda ma’lum bir mavqega erishish menga osonroq deb o’ylashadi. Men opam bilan faxrlanaman. Lekin mashhur san’atkorlar sulolasi vakillariga ikki barobar qiyin. Birinchidan, sulola mavqeini ushlab turish, ikkinchidan, o’z iste’dodini namoyon qilishi kerak xonanda.
Asalxo’jaeva bo’lganligim uchun, qaerga bormay meni izzat bilan kutib olishadi, tashqi qiyofamizni, yurish-turishimizni o’xshatishadi, qiyoslashadi. Xizmat-konsertlardan so’ng ijroimga xolis baho berganlarida xursand bo’laman. Opamni uyaltirib qo’ymasligim kerakligini doimo his etib turaman. Mening orqamdan hech qanday yomon gap eshitmasligi kerak.
Birinchi bor san’atga qadam qo’yganimda, Mavluda opam menga yaxshigina o’git berganlar: «Avvalombor odamlar ichida o’zingni tuta bilishing kerak, muxlislar nazaridan qolmaslik, tinimsiz mehnat va izlanish!». Bu o’gitlarni hayotiy shior qilib olganman. Har qanday davraga fayz bera olishing, xalqning ko’nglini ola bilishing kerak, deydilar doim.
IJOD
Birinchi audioalbomim chiqish arafasida. Bu muxlislarimga yangi yil sovg’asi bo’ladi. Yangi qo’shiqlar ustida ishlayapmiz. Akrom Ibodullaev, Shuhrat Zokirov, Dilmurod Mahkamov, O’rol Eshdavlatov singari bastakorlar bilan hamkorlikda ijod qilamiz. Shoirlardan Ibrohim Jiyanov, Rislig’oy Hotamova, Tohir Xolmuhammedov she’rlariga qo’shiq yozamiz. Sevgi-muhabbat, Vatan, ona haqidagi mavzularda, folklor yo’nalishda qo’shiqlar yaratdik.
Birinchi audioalbomimdan 16 ta taronam o’rin oldi. Diskda esa 18 ta.
Oila va ijodni bab-barobar eplash, olib borishning o’zi emas. Lekin iloji boricha hammasiga ulgurishga harakat qilaman. Chunki san’atda va hayotda orzularim, maqsadlarim ko’p. San’atni sevaman, ana shu sevgi menga kuch-quvvat bag’ishlaydi.
UYDA
Uydagi yumushlarni odatda o’zim bajaraman. Hovli, oshxona, mayda-chuyda yumushlar deganlaridek. Yaqinlarim, qarindoshlarim ham qarab o’tirishmaydi. Bo’sh qoldim deguncha uyda kuymalanib yuraveraman. Ayol kishiga uyda ish topilaverar ekan. Bekor o’tirishni yomon ko’raman. Oilam a’zolarini o’z qo’lim bilan cho’zgan lag’mon bilan siylab turaman. O’zim esa oshni xush ko’raman.
MUHABBAT
Muhabbatmi?
(Uzoq o’ylanib qoladi). Muhabbat-o’tkinchi tuyg’u. «O’ldim, kuydim, yondim…»
Bularning
XIYONAT
Yaqin insonlardan xiyonat ko’rmaganman. Hayotda juda ishonuvchanman, kechirimliman. Odamlardagi faqat yaxshi hislatlarni ko’rishga harakat qilaman. Nimagadir odamlardan yomonlik axtarmayman, yomon o’yga bormayman. Balki bu noto’g’ridir. Bilmadim. Hamma bilan birdayman. Mish-mishlarga, g’iybatlarga parvo qimlayman. Fe’l-atvorim o’zi shunaqa. Uncha-muncha narsaga yig’lamayman.
KUN TARTIBIM
Odatda ertalab soat 7 da turaman. Nechada yotganimdan qat’iy nazar. Ertalabdan kundalik rejalarimni tuzib olaman: ijod, ovoz yozish studiyasi, go’zallik saloni, tikuvchinikiga borish, xullas kundalik ishlar. Kuch yig’ib olishimga 3-4 soat uxlab olish menga yetarli. Kunduzi esa hech uxlay olmayman. Qolgan ishlarga vaqtimni qizg’onaman. Bo’sh qoldim deguncha, maqom qo’shiqlarni tinglayman. Klassik qo’shiqlardan ilhom olaman.
YANGI YIL BAYRAMI
Yangi yil eng yaxshi ko’rgan bayramimdir. Boshqa bayramlardan qiziqarliroq, mo’jizaviyroq, jozibaliroqdir Yangi yil. Qorbobo borligiga 4-5 sinfgacha ishonardim. O’rmondan kelib bizga sovg’a-salom ulashadi deb o’ylardim.
Yangi yil bayramida, albatta, yangi ko’ylak, yangi libos kiyishim kerak. Bu bayramda butun oilamiz bilan biznikida yig’ilamiz. Jiyanlar, bolalar bilan elliktaga borib qoldik. Dasturxonni chiroyli qilib bezatamiz, o’z qo’lim bilan pishiriqlar tayyorlayman, kelinoyimlarim, opa-singillarim qarashishadi. Hammasi chiroyli bo’lishini istayman. Mana 8-9 yildirki, bu oilaviy an’ana davom etmoqda. Faqat endi bu oilaviy bayramimizda rahmatli otajonim yo’qlar. Davramiz qandaydir huvillab qolgandek...
2004 yil bilan yaxshi kayfiyatda xayrlashyapman. Bu yildan juda-juda roziman. Men uchun ijodda omadli, hayrli yil bo’ldi. Nazarimda barchamiz uchun yaxshi yil keldi 2004 yil. Meva-cheva mo’l bo’ldi, baraka arimadi.
Yangi yildan umidlarim katta. 2005 yilda yangi-yangi qo’shihlar yaratish, ikkinchi audialbomimni muxlislarimga taqdim etish niyatim bor. 2004 yilda ulgurmagan ishlarimni yangi yilda davom ettirish istagidaman.
Yangi yil barchamizga xayrli kelsin! Yurtimiz tinch bo’lsin. Yaqin insonlarimga, muxlislarimga sihat-salomatlik, baxt, omad tilayman. Xonadonlaridan fayz-baraka, quvonch arimasin!
BAXT
Men baxtliman. Sevgan ishim, oilam, turmush o’rtog’im, yaqin insonlarim bor. San’atim, muxlislarim, qo’shiqlarim bor. Orzu-armonlarim, quvonch-tashvishlarim, yutuq va kamchiliklarim-mana shudir mening hayotim, borim, baxtim. Ollohga shukr boriga…
Guliasal.narod.ru
o'zbek estradasining yosh yulduzi - Guli
Asalxo'jaevaning mahsus web-sahifasi.
http://shou-biznes.narod.ru/
Tashkent,
Uzbekistan
Sayt muallifi - Mirtohir Mirg'ulomov.