GULI ASALXO'JAEVA 

MAHSUS WEB-SAHIFA*****MAHSUS WEB-SAHIFA*****MAHSUS WEB-SAHIFA*****MAHSUS WEB-SAHIFA


Mehmonlar daftarchasi | Menga maktub yozing | Men haqimda | Matbuot | Muxlislar dilnomasi | Qo'shiqlar matni Fotosuratlarim

 Qirg’iziston gazetasi  “JALOLOBOD TONGI” 

 № 23. 9-15 iyun 2003 yil

   EZGU NIYATLI INSON, USTOZ SAN’ATKOR EDI

 Viloyatimizning hurmatli insonlaridan biri, butun Farg’ona vodiysiga tanilgan etuk san’atkor Abdurahmon Xoji Asalxo’jaev yorug’ dunyoni bevaqt tark etdi. Bu yil u o’zining 70 bahorini qarshilagan edi.

   Mohir pedagog A. Asalxo’jaevning butun umri ilhom va ijod daryosida kechdi. Muhabbat, odob, sadoqat, vafo, iymon, mehr-oqibat haqidagi qo’shiqlarni katta mahorat va nozik did bilan ijro etganda, tinglovchilarning ko’ngillarida ezgu tuyg’ular uyg’onardi.

  Uning o’z eli, yurti, shogirdlariga bo’lgan muhabbati cheksiz edi. Pedagogika bilim yurtida shogirdlariga Navoiy, Muqimiy, Furqat, Mahtumquli, Mashrab, Xaziniy g’azallarini ijro etish yo’llarini qunt bilan bayon etgan.

   U 1958 yilda Namangan musiqa bilim yurtini bitirgach, qariyb 40 yil davomida, to nafaqaga chiqgunga qadar, Jalolobod pedagogika bilim yurtida musiqa o’qituvchisi bo’lib ishladi. Uning mehnat daftarchasida birgina shu muassasaning nomi bor. U bilan birga ishlagan keksa hamkasblari Tojiboy Ennazarov, Xo’ja Sultonov, Shamshi Qo’cqorov, Bekbolot Nishonov, Jalil Jakipov, Egamnazar Xudoyberdiev, Aken Toshmatov, Mahmud Raimjonov, Zuhra Saidmamatova, Zakiya Sulaymonova, Mahammadjon Nasirdinov, Teshaboy Borbikeev va boshqalar A. Asalxo’jaevning insoniy fazilatlarini hurmat bilan tilga oladilar. Ularning tan olishicha, ta’lim a’lochisi A. Asalxo’jaevning maorif va san’atni rivojlantirishga qo’shgan hissasi bebahodir.

    A. Asalxo’jaevning shogirdlari bo’lgan Mahammadxo’ja Nurmuhammedov, Toshxo’ja Qurbonov, Abdufattox Asalxo’jaev, Mahammadjon  Madaminov va boshqalar ustozi yo’lidan borishib, madaniyat va san’at taraqqiyotiga o’z hissalarini qo’shib kelmoqdalar.

    A. Asalxo’jaev viloyatdagi eng kuchli naychilardan biri edi. U «Soyaiy», «Ey sabo», «Na qilding», «Farg’ona tong otguncha», «Sayding qo’ya ber, sayyod», «O’tar» kabi ashulalarni, ko’pchilikka manzur bo’ladigan kuylarni ijro etganida atrofdan olqishlar yog’ilib ketardi. A. Asalxo’jaev hamkasblari Ahmadxo’ja Dolimov, Sotvoldi Oxunov, Sodiqjon Abduvaliev, Abdullajon To’lanov, Sulaymon Qanotov, Qurbonboy O’smonov, Jo’rmonboy To’lanov, Qodirjon Mahmudjonov, Erkinjon Yusupovlar bilan birgalikda xalq dastasini tashkil etgan edi.

   A. Asalxo’jaev ona shahrini jon-dilidan sevar, shu boisdan ko’plab takliflar bo’lishiga qaramay, O’zbekistonga ko’chib ketmagan edi. U «Jalolobodim» qo’shig’ini birinchi bo’lib kuyga solgan va katta anjumanda ijro etgan.

     Uzoqlarga ketsam qurshaydi yodi,

     Quchog’ida kezsam tatir hayotim.

     Tog’lar orasida chopgan oq otim,

     Ona shahrim sensan, Jalolobodim!

 

   Ustozning yuzlagan shogirdlari uning san’atini e’zozlab, xayrli ishlarini davom ettirmoqdalar. O’g’illari Jamoliddin, Husniddin, Kamoliddinlar otalari nomini baland ko’tarishgan. Qizi Mavludaxon esa milliy san’atimizni jahon mihyosida tanitmoqda. 

    Aziz inson, ustoz san’atkor, mehribon ota, chin do’st Abdurahmon Asalxo’jaevning nomi  qalblarimizda mangu saqlanib qoladi. Shahrimiz rahbarlari tomonidan uning nomi abadiylashtirilishiga ishonamiz.  

K. Ibrohimov,

M. Raimjonov,

V. Abduvaliev,

M. Mamasoliev,

N. Psurov, M. Nasirdinov,

A. Rizaqulov, A. Ortiqov,

T. Ennazarov,

 A. Marajapov,

M. Yunusov, A. Ro’zmatov,

T. Qurbonov, M. Madaminov,

X. To’lanov, O. Hoshimov.


Fotosuratlarim

Guliasal.narod.ru
o'zbek estradasining yosh yulduzi - Guli Asalxo'jaevaning mahsus web-sahifasi.

http://shou-biznes.narod.ru/
Tashkent, Uzbekistan

Sayt muallifi - Mirtohir Mirg'ulomov.

Hosted by uCoz