GULI ASALXO'JAEVA 

MAHSUS WEB-SAHIFA*****MAHSUS WEB-SAHIFA*****MAHSUS WEB-SAHIFA*****MAHSUS WEB-SAHIFA


Mehmonlar daftarchasi | Menga maktub yozing | Men haqimda | Matbuot | Muxlislar dilnomasi | Qo'shiqlar matni Fotosuratlarim

“SANAM”  jurnali 

 № 8. 2005 yil   

Gohi shodlik, gohi ma’yus, birda tiniq, birda to’lqinli ohanglarni eshita bilasizmi? Uning aytar gapini tushunishga, quyushqondan chiqqanda jilovlab, aqlga bo’ysundirishga qodirmisiz? Hayot atalmish ummonda birdan avval, birdan keyin suzib borar ekanmiz, ba’zan ko’ngilni esdan chiqaramiz, uni-da tushunishga intilmaymiz. Ana shunday vaqtlar nega ishim yurishmaydi, nega ko’nglimga qil sig’maydi, deya hayron bo’lamiz…

Hamma gap ko’ngilda, uning sirli qo’shig’ida. Shu qo’shiqni tinglash va ijobat etishda!

  Guli ASALXO’JAEVA qachon ko’ngli bilan ilk bora hamsuhbat bo’lgan, bizga qorong’u. Ammo esini tanibdiki, ko’ngli san’atning maftunkor olami tomon talpinishini bilardi. San’at, musiqa, sahna—u faqat shuning orzusida yurardi. Bog’chada ham, maktabda ham, qarindosh-urug’lar bilan gavjum davra-dasturxonlarda ham goh she’r, goh qo’shiq aytib, ko’nglining san’atga moyilligini bildirgisi kelardi go’yo. Opajonisi Mavluda Asalxo’jaeva o’z muxlislarini topgani, elga tanilgani sayin Gulining san’at bilan bog’liq umidlari yanada qat’iylashaverdi. Ammo san’at yo’lidagi qiynalishlari, past-baland muammolaridan boxabar otalari—Abdurahmon xoji ota Gulining ham ana shu tariqa qiynalishini istamadi chog’i, uni ayab-ayab ketdi. Kezi kelganda Abdurahmon otaning ham mashhur hofiz ekanligini, u kishi o’ttiz yil davomida Jalolobod pedagogika institutida ustozlik qilganini qayd etishimiz kerak. Ota rozi-Xudo rozi. Otaning roziligi yo’q ekan, Guli harnechuk san’atkor bo’laman, demasin, yo’li ochilmasligini sezdi. Qalbining amri va xohishini aqlga bo’ysundirdi. Abdurahmon ota Guliga San’at institutiga kirib, o’z kuchini sinab ko’rishini maslahat berdi. Shunday qilib Guli Asalxo’jaeva Mannon Uyg’ur nomidagi San’at institutiga, estrada aktyorligi fakultetiga o’qishga kiradi. Hozirda shu dargohning uchinchi kurs talabasi.

    …Ko’ngil esa qo’shiq derdi, kuy derdi. Ohanglar og’ushida qolmoq istardi. Guli maktabda ham, institutda ham turli tadbirlarda qo’shiq aytgan. Yillar o’tib taqdir taqazosi bilan u «Qizil gul» qo’shig’ini kuylab, televizor ekraniga ham chiqadi. Ana shu ilk chiqishini ko’rgach, otasi qizining iste’dodi va intilishiga tan beradi, san’atning oydin yo’llari sari oq fotiha beradi. Shu zayl san’at shaydolari Mavluda Asalxo’jaevaning singlisigina emas, balki alohida iste’dodi, o’z ovozi va o’z yo’li mavjud bo’lgan yangi san’atkor — Guli Asalxo’jaevani ham kashf etishadi.

   —Guli, san’at olamini tanlagan ayollar ko’pincha nimadandir, aksariyat holda baxtdan voz kechishlariga to’g’ri keladi. Ba’zan oila, turmush tashvishlari, bola-chahani bir tomon, san’atni bir tomon  qo’yib, birini tanlashga majbur bo’ladilar…

—Menda bunday holat bo’lmasa kerak deb o’ylayman. Sababi, turmush o’rtog’im meni juda yaxshi tushunadilar. Dunyoqarashimiz, maqsadlarimiz mushtarak. U kishi meni doim qo’llab-quvvatlab kelganlar. Opam, ota-onam, yaqin birodarlarimning men uchun jon kuydirishayotganlarini, og’rimni engil qilishga intilishayotganini sezib turaman. Bu ham menga kuch-quvvat, o’zimga ishonch beradi. San’atni deya oilasidan voz kechayotganlarni tushuna olmayman. Men uchun oila doim birinchi o’rinda bo’lgan. Oila-muqaddas. Men ham mehr-muhabbatga to’la baxtli oilani

orzu etgandim. Allohga ming qatla shukrki, bag’rim butun — Jaqongir, Javohir, Javlonbek ismli o’g’illarim bor. Ular otasi singari olijanob, qalbi keng, vijdonli bo’lib etishishlarini istardim.

Ekranda doim ma’yus ko’rinasiz, hayotda esa quvnoq ekanligingizga guvoh bo’lib turibman.

To’g’ri, hayotda quvnoqman. Hazil-mutoyibani yaxshi ko’raman. Sahnada esa jiddiylikni ustun ko’raman. Televizion, kinoteatr sahnalari boshqa, to’y-tomosha sahnasi boshqa. Ma’lum me’yorni talab etadi. Sahnani o’z qonun-qoidasi bor, unga ham ma’suliyat kerak.

Shu o’rinda televizion kliplar hahida ham fikringizni bilmoqchi edim.

Klip — bu zamona rivojlanishining mevasi. Ammo ba’zi san’atkorlar sayoz qo’shiqlarini ham klip qilib, uydirma voqealar to’qib, ishonarsiz kliplar qilyaptiki, bu ba’zida odamning g’ashini keltiradi. She’r va musiqa uyg’unligidan yaxshi qo’shiq dunyoga keladi, to’g’rimi? Yaxshi qo’shiq va yaxshi suratga olingan klip uyg’unlashsa — tomoshabin juda zo’r kino ko’rgan bo’ladi. Kuchli qo’shiq va kuchli kino talqini xitga aylanishi mumkin. Yaxshi olingan klip qo’shiqning mag’zini chaqib bera oladi.

    … Guli estrada san’atining bugungi kuni haqida kuyib, yuragi achishib gapiradi. Undagi uyg’oqlik, teran fikr qani edi barcha san’atkorlarda

bo’lsa, degan fikr miyamda charx aylandi. Suhbatimiz davomida Guli ilk bora katta sahnaga 2002 yil «Xalqlar do’stligi» saroyida opasi bilan «Yigit» qo’shig’ini kuylab chiqqanini hayajon bilan aytib berdi.

     O’sha hayajon hali bosilmagan edi, go’yo. Yaxshiyamki yonida opasi bor, unga dalda bergan o’shanda. Terlab-pishib, titrab, shuning qatorida katta ma’suliyatni bo’yniga olib sahnaga chiqqan ekan.

  Guli, yaxshigina ovozingiz, qator-qator qo’shiqlaringiz bo’lsa, nega katta konsert zallarida yakkaxon konsert dasturi bilan chiqish qilmaysiz? Hozir bitta yarimta qo’shiq aytgan yoshgina yigit qizlar tap tortmay yakkaxon konsert berishayotganligi hech kimga sir emas…

Men o’zimga juda talabchanman. Katta dargohlarda yakkaxon chiqish qilishga hali haqqim yo’q deb o’ylayman. Mening arofimda haqiqiy muxlislarim ko’payishini, yaxshi qo’shiqlarim bilan dasturimni boyitishni istayman. Menimcha qutlug’ dargohga sekin-asta, pillapoyalardan pastdan yuqoriga qarab ma’nan boyib chiqqan yaxshi. Konsert ham bir imtihon undan yiqilishni istamayman.

Ustozlaringiz haqida nima deya olasiz?
Ma’lum bir odamni ustozim deya olmayman. San’atimning etuk namoyandalari borki, mening ustozim. Har biridan nimadir olishga, o’rganishga harakat qilaman.

Yosh san’atkorlardan ko’nglingizga yaqinlari kimlar?

Sarvara va Ozodbek Nazarbekov. U kishining konsertida bo’lib, o’zim uchun katta kuch va zavq oldim. Ozodbek aka yakkaxon konsert berish uchun loyiq darajada mehnat qilgani bilinib turibdi. Mumtoz qo’shiqlarni ham maromiga etkazib ijro etadi.

Aynan sizdan shu mumtoz qo’shiqlar haqida so’ramoqchi bo’lib turgandim. Nima uchun yoshlarimiz mumtoz qo’shiqlarni tinglashmaydi?

—Bizning oilada turmush o’rtog’im va men san’atga daxldor bo’lsak-da, bolalarimizda mumtoz kuy va qo’shiqlarga mehr uyg’ota olmay jonimiz halak. Ularga «danda-danda» degan engil-elpi qo’shiqlar bo’lsa bas. Klassik kuy-qo’shiqlarni kishilar ko’ngliga singdirish har bir san’atkorning vazifasi bo’lmog’i kerak. Agar barcha estrada san’atkorlari repertuaridan mumtoz qo’shiqlar ham o’rin olsa, ahvol bir muncha engillashardi, deb o’ylayman.

Farzandlaringiz san’at yo’lini tanlashsa qarshilik qilarmidingiz?
Yo’q. Agar ulardagi iste’dod qirralari yana ham rivojlanib, san’at yo’lidan ketaman, desalar, monelik qilmayman.

Guli Asalxo’jaevaning eng sevgan va eng yomon ko’rgan mashg’uloti?

Mehmon kutish! Odamlarni yaxshi ko’raman. Mana turmush o’rtog’imni, oilamni yo’qlab kelishsa boshim ko’kka etadi. Yomon ko’rganim birovning ko’ngliga ozor berish. Menga man-man odamlar yoqmaydi, vijdon nima desa, javob topa olmaydigan insonlarni jinim suymaydi.

 

       Ha, ulug’lagani mehr-muruvvat. Uning ko’ngli yaxshiliklar, ezguliklar uchun ochiq. Orzusi—san’at olamida o’zining o’rnini topish. Niyati—farzandlarining kamolini ko’rish. Baxti bekam oilaga bekalik qilish. Kamalakning yettita rangiga bo’yalgan bu go’zal orzu-tilaklarga biz ham tilakdoshmiz. San’atimiz dargohida uning singari haqiqiy iste’dodlar yanada ko’payishini istadik. Ko’ngilning sirli qo’shig’ini umrining yo’llariga tortiq qila olgan Gulixon Asalxo’jaevaga «ijodingiz ifori olamni tutsin» degimiz keldi.


Fotosuratlarim

Guliasal.narod.ru
o'zbek estradasining yosh yulduzi - Guli Asalxo'jaevaning mahsus web-sahifasi.

http://shou-biznes.narod.ru/
Tashkent, Uzbekistan

Sayt muallifi - Mirtohir Mirg'ulomov.

Hosted by uCoz